23.04.2026

Aqlli texnologiyalar va Arduino [18+]

Aqlli texnologiyalar va Arduino

Arduino platformasining yaratilishi ko’plab radiohavaskorlar uchun cheksiz yangi imkoniyatlarni yaratib berdi desak adashmaymiz. Chunki, ilgari radiohavaskor biron kichik qurilmani yaratishi uchun ham juda ko’p vaqt talab etilar va elektron komponentlarni topishda ko’plab qiyinchiliklarga duch kelar edi. Ya’ni, birgina elektrotexnika sohasidagi bilimlarning o’zi yetarli emas edi.

Arduino platalarining yaratilishi va ishlab chiqarila boshlaganligi hamda radiohavaskorlar orasida unga bo’lgan qiziqishning keskin ortishi o’z navbatida ular bilan ishlashni soddalashtirishga qaratilgan yangi vositalarning ham keng tarqalishiga sabab bo’ldi. Masalan, maket platalari, tayyor modullar, maxsus ixcham dasturlash tillari, radioelektron komponentlarni sotuvchi Internet do’konlari shular jumlasidandir.

Natijada radiohavaskor hozirda asosiy e’tiborini ilgarigidek radioelektron komponentlarni izlab topish yoki ularni plataga qayta-qayta lehimlash kabi texnik masalalarga emas, balki, bo’lajak qurilmaning dasturini tuzish, uni takomillashtirish kabi muhimroq masalalarga qaratishi mumkin.

Aqlli qurilma o’zi nima?

So’nggi paytlarda tobora chuqurroq hayotimizga tobora kirib kelayotgan “sun’iy intellekt”, “aqlli texnologiyalar” (“aqlli shahar”, “aqlli uy” va hokazo), “robototexnika” kabi tushunchalar hamda sohalar radiohavaskorlarga ham o’z qobiliyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun turtki bo’lmoqda.

“Aqlli” (ingliz tilidagi “smart” so’zidan) qurilma deganda esa, odatda insonning butunlay yoki qisman aralashuvisiz, ma’lum vaziyatlarda oldindan belgilangan ssenariy asosida avtomatik ravishda yoki turli aloqa vositalari ishtirokida, jumladan, boshqaruv pultlari, Internet orqali inson tomonidan masofadan qulay boshqarilishi mumkin bo’lgan, ya’ni bir yoki bir nechta shunday vazifalarni bajarishga mo’ljalangan qurilmalarni tushuniladi (kelgusida ko’p hollarda “aqlli” so’zini qo’shtirnoqsiz qo’llaymiz). WiFi-rozetka, IR-lampa (Infraqizil boshqaruvli lampa), Universal hab (WiFi+IQ universal pult, WiFi/IR/RF hab) va hokazolar shular jumlasiga kiradi.

Smartfon (yoki planshet) orqali boshqariladigan ko’plab aqlli qurilmalarning yana bir muhim jihati shundaki, ularni boshqarishda smartfonda o’rnatilgan tovush assistenti (tovushli yordamchi)dan ham foydalanish mumkin. Google Home, Yandex Alice (Alisa), Amazon Alexa kabi dasturiy agentlar bilan ishlashga mo’ljallangan (Google Assistent, Alexa, Alisa va boshqa) tovush assistentlari aqlli qurilmalarni qulay boshqarishda keng qo’llanilmoqda va ular hozirda ishlab chiqarilayotgan ko’plab qurilmalarga ham integratsiyalashgan. Shuningdek, bunday vazifani tovush assisteni o’rnatilgan maxsus kolonkalar yordamida ham bajarish mumkin (aqlli kolonkalar o’rnatilgan mikrofoni yordamida tovushli buyruqni qabul qilib, uni bajarish natijasi haqida dinamik orqali yana tovush shaklida xabardor qilib turadi).

Bunday texnologiyalar yordamida aqlli rozetkaga ulangan har qanday yuklamani boshqarish yoki uni turli faktorlarga asoslangan holda (kunning aniq vaqtida, ob-havo, yorug’lik darajasi o’zgarishi, boshqa aqlli qurilmaning holatidagi o’zgarish, geolokatsiyaga asosan va hokazo) avtomatik ravishda yoqish/o’chirish, WiFi yoki Bluetoothli lampalarni boshqarish (o’chirish, yoqish, yorug’lik rangini o’zgartirish va hokazo), infraqizil nurda boshqariladigan deyarli har qanday qurilmalarni (televizor, konditsioner, proyektor va hokazo) yagona mobil ilova orqali boshqarish kabilar inson tomonidan qurilmalarni boshqarishni yanada osonlashtirmoqda.

Yuqorida aytib o’tilganidek, faqat bir yoki bir nechta aqlli vazifani bajaradigan qurilmalarni ham aqlli qurilma deb atash mumkin. Masalan, yorug’lik datchikli lampa, akustik datchikli lampa, harakatni sezuvchi lampa kabi avtomatik qurilmalar shular jumlasidan hisoblanadi.

Ilgari ma’lum qilinganidek, “O’zing yarat!” loyihasining asosiy maqsadi ham radiohavaskorlar o’rtasida o’z qobiliyatlarini yuzaga chiqarishdan iborat. Muallif ushbu saytda o’zining aqlli texnologiyalar, xususan, aqlli uyni barpo etish konsepsiyasi doirasidagi shaxsiy loyihalarini targ’ib qilish bilan cheklanadi. Biroq, sayt foydalanuvchilari bo’lgan radiohavaskorlar ham muallif bilan hamkorlikda o’zlarining aqlli uy, robototexnika va boshqa yo’nalishlardagi loyihalarini ushbu sayt orqali targ’ib qilishlari mumkin.

“Aqlli uy” konsepsiyasi

Aslida aqlli uy tushunchasi – to’liq yakunlanmagan, muntazam ravishda takomillashtirib borilishi mumkin bo’lgan yo’nalishni ifodalaydi. Shunday bo’lsa-da, hozirgi paytda aqlli uyning asosiy tarkibiy qismlari sifatida quyidagilarni sanab o’tish mumkin:

  • aqlli viklyuchatellar, rozetkalar, lampalar;
  • aqlli darvozalar, eshiklar, derazalar, pardalar;
  • aqlli (universal) boshqaruv pultlari;
  • aqlli soatlar, taymerlar, budilniklar, kalendarlar;
  • aqlli meteostansiya, uydagi klimatni nazorat qilish va boshqarish qurilmalari, isitish va sovutish tizimlari;
  • aqlli videokuzatuv va xabardor qilish (insonni uydagi yoki boshqa obyektdagi shubhali harakatdan, gaz hidi, tutun yoki yong’indan, suv toshqini va hokazolardan xabardor qilish) tizimlari;
  • aqlli sug’orish (“bog'”, “issiqxona”) tizimlari

va hokazo.

Bulardan tashqari, har bir insonda o’zining shaxsiy uyi uchun boshqa aqlli texnologiyalarni qo’llashi hamda qo’shimcha qulayliklarni yaratishi uning fantaziyalari bilangina cheklanishi mumkin.

Ushbu saytda muallif ham mazkur yo’nalishdagi loyihalarni yaratish bo’yicha turli yoshdagi radiohavaskor hamda havaskor dasturchilar uchun mo’ljallangan o’quv darslari materiallarini joylashtirib borish, o’zining dastlabki amaliy loyihalarini targ’ib etib va ularni muntazam takomillashtirib borishni rejalashtirgan.

Xulosa shuki, yuqoridagi bosqichlarning ayrimlari qo’llanilishi ham uyni aqlli uyga aylantira oladi. Biroq uyning qanchalik darajada mukammal “aql”ga ega bo’lishi faqat unda istiqomat qiluvchilarning fantaziyalari bilan chegaralanadi.

Aqlli uyni “jihozlash” uchun tayyor elektron qurilmalar hozirda tez suratlarda tarqalib va rivojlanib bormoqda. Ya’ni, uy egasi radiohavaskor bo’lmasa ham, tayyor qurilmalardan unumli foydalanib o’z uyini aqlli uyga aylantirishi mumkin. Bunda uyni boshqaruv haqiqatan ham optimal darajada bo’lishi uchun sotib olinayotgan alohida qurilmalarning bir-biri bilan imkon darajasida o’zaro bo’g’liq bo’lishi (integratsiyalangani) juda muhim. Masalan, bir nechta aqlli qurilma turli ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan va bir-biriga integratsiya qilinmagan bo’lsa, ularning har birini boshqarish uchun turli mobil ilovalardan foydalanishga to’g’ri keladi va bu holat foydalanuvchi (uy egasi) uchun noqulay bo’lishi mumkin.

Shu bilan birga, agar elektronika havaskorlari va dastrurchilar yagona bir g’oya doirasida birgalikda harakat qilishsa, qiziqarli va haqiqatan ham mukammal aqlli uyni barpo etishlari hech gap emas. Buning uchun shunchaki Arduino platformasi imkoniyatlaridan unumli foydalanish ham yetarli.  Tayyor Arduino platalari, sensor va modullarni topish va xarid qilish hozirda tobora osonlashib va ommalashib bormoqda. Faqat Arduino IDE dasturidan foydalanib, ularni ma’lum bir proyekt doirasida birlashtirish zarur xolos. Elektron qurilmalarning ishlash prinsipini o’zlashtirgan yoki arduinoda dasturlash va o’z qurilmalarini yaratish ko’nikmasiga erishgan inson esa, kelgusida boshqa zamonaviy va murakkab mikrokontrollerlarni dasturlash bosqichiga o’tishi ham qiyin kechmaydi.

“Aqlli uy”ni birgalikda quraylik!

Saytning “Sharhlar” menyusida aqlli uyni jihozlash bo’yicha hozirgi paytda dunyo bozorida keng tarqalgan ayrim tayyor qurilmalar hamda ularning tarkibiy qismlari haqida muallif sharhlari va boshqa ma’lumotlar joylashtirib boriladi. Bu esa, dasturlash yoki radiohavaskorlikdan xabardor bo’lmagan insonlar uchun ham o’z uyiga “aql kiritishi” uchun yetarli bo’lishi mumkin. Bunday sharhlari bilan boshqa radiohavaskorlar ham o’rtoqlashishlari mumkin.

Saytning “Loyihalar” menyusi orqali esa, aqlli uyning yuqorida sanab o’tilgan asosiy yo’nalishlari bo’yicha muallif hamda tashrif buyuruvchilar hamda ijtimoiy tarmoqdagi obunachilarimiz tomonidan Arduino platformasi yordamida yaratilgan shaxsiy radiohavaskorlik qurilmalari haqidagi ma’lumotlar berib boriladi.