Kodsiz mobil ilova yaratamiz
“10 daqiqada dastulashni bilmasdan ham Android ilova yaratish mumkinmi?”
Hech qanday dasturlash tilini bilmasdan va umuman IT yoʻnalishida chuqur bilimga ega boʻlmasdan turib ham Android smartfon uchun mobil ilova yaratsa boʻladimi?
Ha, boʻladi. Hatto bir necha daqiqada ham yaratsa boʻladi. Buning uchun kompyuterga biz qandaydir murakkab professional dasturlash tilini oʻrnatib oʻtirishimiz ham shartmas!
Boʻlishi mumkinmas deysizmi? Xohlasangiz, buni oʻzingiz ham sinab koʻrishingiz mumkin.
Bu loyiha va uning maqsadlari haqida alohida materialda maʻlumot berib oʻtganman, shuning uchun yana toʻxtalib oʻtirmayman va maqsadga oʻtaman.
Ushbu materialda hech qanday dasturlash tilini bilmasdan turib va hech qanday kod yozmasdan, bironta oʻzingiz xohlagan saytni tez ochib beradigan mobil ilovani bir necha daqiqada yaratib olishni oʻrgatmoqchiman. Bahonada mobil ilovalarni osongina, kod yozmasdan, bloklar yordamida yaratib beradigan platforma bilan qisqacha tanishib olasiz.
Nimaga aynan shunday ilovani yaratishimiz sababini qisqacha aytib oʻtib ketmoqchiman. Birinchidan, uni yaratish juda oson, ikkinchidan, u koʻpchillik uchun foydali, va uchinchidan, shu mobil ilovamizdan kelajakda onlayn darslarimiz davomida Internet orqali boshqariladigan aqlli lampani boshqarishda foydalanamiz. Endi ilovamizga qaytamiz.
Xoʻsh, bizga nimalar kerak boʻladi? Buning uchun bizga Internetga ulangan smartfon yoki kompyuter, va yana guugl akkauunti kerak boʻladi xolos. Smartfondagi guugl akkauntimizdan foydalansak yana ham oson boʻladi.
Men, hozir ilovani yaratishda oʻzimga qulaylik uchun kompyuterdan foydalanaman. Lekin agar yoningizda kompyuter boʻlmasa, smartfon yoki planshet bilan ham bemalol yaratsangiz boʻladi. Chunki, bajariladigan ishlar ketma-ketligi ikkalasi uchun ham baribir bir-xil boʻladi.
Qiziqib qoldingizmi? Unda keling, vaqtni oʻtkazmasdan, mobil ilovani yaratishga kirishamiz.
Dastlab, oʻzimiz xohlagan veb-brauzerni ishga tushiramiz. Kimdir guugl xromni, kimdir Moziilla fayrfoksni, yana kimdir Yandeks brauzerini ishlatishi mumkin. Farqi yoʻq. Smartfonda ham xuddi shunday.
Veb-brauzer manzil kiritish qatorida ekraningizda koʻringan “appinventor.mit.edu” degan manzilni kiritamiz. Bu manzil MIT App inventor deb nomlanadigan kodsiz, onlayn blokli dasturlash platformasi saytining manzili hisoblanadi. Unda dasturlar onlayn ravishda, tayyor komponentlarni va bloklarni bir-biriga joylashtirish yoʻli bilan yaratiladi. Yana bir marta eslatib oʻtaman, bu dasturlash vositasida faqat Android ilovani yaratish mumkin, yaʻniy, iOS uchun unda ilova yaratib boʻlmaydi.
Saytga oʻtganimizdan keyin uning bosh sahifasi ochiladi. Sahifadagi yozuvlarga ortiqcha chalgʻib oʻtirmaymiz va uni chap yuqori qismidagi “Create Apps” (yaʻni “Ilovalar yaratish”) tugmasini bosamiz.
Keyingi ochilgan sahifada Googledagi mavjud akkauntimiz elektron pochta manzilini va parolini kiritamiz yoki agar guuglda akkauntimiz yoʻq boʻlsa, shu joyni oʻzida yangi akkaunt yaratib olishimiz ham mumkin.
Agar akkauntga kirilsa, “Welcome to MIT app inventor” sarlavhali kirish oynasi ochiladi. “Continue” (yaʻni davom ettirish) tugmasini bosib, keyingi “Projects” sahifasiga oʻtamiz. Birinchi loyihamizni shu bosqichda yaratishni boshlaymiz. Shu joyda oʻzimizga qulay boʻlishi uchun rus tiliga ham oʻtib olamiz. Kerakli tilni sahifa oynasining yuqori qismidagi boshqaruv panelidan tanlaymiz.
Yangi proyekt yaratish uchun “New project” tugmasini bosib unga nom beramiz. Masalan, “ilova1” deb. Nom berishda probel, chiziqcha yoki boshqa ayrim maxsus belgilarni ishlatib boʻlmaydi, shuning uchun faqat lotin harflari va raqamlardan foydalanishimiz kerak.
Loyiha nomi toʻgʻri kiritilgan boʻlsa, avtomatik ravishda yangi proyekt sahifasi ochiladi. Oynaning oʻrtasida smartfon sohasi, chap tomonda “Палитра” degan soha va undagi dasturlash uchun kerakli komponentlar roʻyxati, oʻng tomonda esa, tanlangan komponentni xususiyatlarini koʻrish va oʻzgartirish mumkin boʻlgan soha koʻrinadi.
Ilovamizni nomi hozircha loyihani nomi bilan bir xil boʻlgani uchun, xohlasak ilova nomini va uni ikonkasini oʻzimiz xohlagan tushunarliroq nomga oʻzgartirishimiz ham mumkin. Masalan nomini “Birinchi ilovam” deb. Buning uchun yuqoridagi boshqaruv panelida “Project Properties” degan tugmani topib, uni bosamiz. Chiqqan oynani birinchi boʻlimida “AppName” maydoniga oʻzimiz xohlagan nomni lotin yoki kiril yozuvida kiritamiz. Ikonkani rasmini oʻzgartirish uchun “Иконка” deb nomlangan maydonni tanlaymiz, keyingi oynada “Загрузить файл” tugmasini bosib, kompyuterimizdan kerakli rasm faylini koʻrsatamiz. Oxirida “OK” va keyin “Close” ni bosib asosiy sahifaga qaytamiz.
Oynaning yuqori oʻng tomonida “Дизайнер” va “Блоки” rejimlariga oʻtkazadigan tugmalar ham koʻrinadi. Bu yerdagi dizayner boʻlimi boshqaruv komponentlarini tanlash va ilovamizning vizual koʻrinishini oʻzgartirish uchun ishlatiladi. Bloki rejimi esa, bloklar yordamida dastur tuzish uchun ishlatiladi. Shuning uchun ham, dasturlash tillarini bilish talab etilmaydi.
Qoida boʻyicha yangi dastur tuzishda, dastlab ilovaning smartfondagi koʻrinishi oʻzgartiriladi. Buning uchun “Дизайнер” rejimida kerakli komponentlarni oʻrtadagi smartfon sohasiga olib oʻtiladi. Keyingi qadamda “Блоки” rejimiga oʻtib, shu komponentlarga mos keladigan bloklar bilan ishlanadi. Lekin bizning ushbu ilovamiz uchun “Bloki” rejimi kerak boʻlmaydi.
Sahifani chap tomonidagi birinchi boʻlim, yaʻni, “Интерфейс пользователя” boʻlimida ilova yaratishda kerak boʻladigan eng muhim tayyor komponentlar, masalan, tugmalar, kalitlar, yozuv maydoni, parol maydoni va shu kabi asosiy komponentlar roʻyxati koʻrinadi. Pastroqdagi boʻlimlarda ham yana boshqa qoʻshimcha komponentlar roʻyxati bor. Lekin bizga hozircha ularni qizigʻi yoʻq. Bizga, oʻzimiz xohlagan saytni ochib berishi uchun birinchi boʻlimning oxiridagi “ВебПросмотрщик” degan komponent kerak boʻladi. Sichqoncha yordamida uni sahifaning oʻrtasidagi smartfon oynasi ichiga koʻchirib olib oʻtamiz.

Agar toʻgʻri koʻchirgan boʻlsak, smartfon sohasini ichida globus rasmi koʻrinishi kerak. Sichqonchada shu rasmni tanlaymiz. Smartfon rasmini oʻng tomonidagi xususiyatlari roʻyxatidan “Домашняя страница” degan maydonga oʻzimiz xohlagan saytning manzilini kiritishimiz kerak boʻladi. Albatta bu manzil Internetda mavjud boʻlgan saytni manzili boʻlishi shart va u toʻgʻri kiritilishi ham muhim. Masalan “yarat nuqta uz”, “yandeks nuqta ru” kabi. Boshqa maydonlarga oʻzgartirish kiritishimiz shartmas. Qarabsizki, dasturimizning tashqi koʻrinishi tayyor.
Faqat endi uni mobil ilova sifatida faylga saqlashimiz va smartfonga oʻrnatishimiz qoldi xolos. Buning uchun, sahifa yuqorisadan “Построить” menyusiga oʻtib, u yerdan “Android App .apk” buyrugʻini tanlaymiz va ilova fayli tayyor boʻlishini kutamiz.
Eʻtibor bering, aynan shu jarayonda bizning oʻrnimizga platforma biz foydalangan komponent hamda bloklardan oʻzi dastur tuzadi va uni kompilyatsiya qilib, bizga tayyor “APeKe” faylini yaratib beradi. Dasturimiz unchalik murakkab emas, shuning uchun fayli oʻlchamii ham unchalik katta emas, taxminan uch yarim, toʻrt Megabaytga teng boʻladi xolos.
Shu yerda, har ehtimolga qarshi, yuqoridagi ishlarni smartfonda bajarish ketma-ketligini ham qisqacha koʻrsatib oʻtmoqchiman.
Kompilyatsiya jarayoni yakunlanganidan keyin, yaʻniy taxminan 25-30 sekunddan keyin, ekranda “Android app for …” sarlavhali oyna koʻrinadi. Shu yerdan biz “download .apk now” tugmasini bosib, hosil boʻlgan ilova faylini kompyuterimizga saqlab qoʻyishimiz mumkin. Yoki unga mos QR-kodni smarfondan skanerlab togʻridan-toʻgʻri smartfonga koʻchirib olib oʻtishimiz va oʻrnatishimiz mumkin boʻladi. Demak, bundan keyingi ishlar faqat smartfonimizda bajariladi.

Demak, ilovamiz tayyor, uni smartfonga koʻchirib, ishga tushirish qoldi xolos. Agar loyihani tayyorlash jarayoni boshidan oxirigacha smartfonda bajarilgan boʻlsa, yana ham oson, chunki shu joyga kelganda “dawnload nuqta apeke nav” tugmasini bosib yoki kyu-aar kodni skanerlab, iloova faylini toʻgʻridan-toʻgʻri smartfonga saqlashimiz va uni oʻrnatishni boshlashimiz ham mumkin.
Eʻtibor bering, ilovani oʻrnatayotgan paytimizda smartfon operatsion tizimi uni notanish, xavfli ilova sifatida vaqtincha bloklashi mumkin. Chunki biz ilovani Google Playdan yuklab olmadik, oʻzimiz yaratdik, va aslida u mutlaqo zararsiz. Shuning uchun shu yerdan smartfon sozlamalariga oʻtib uni blokdan chiqaramiz (yaʻniy oʻrnatishga ruxsat beramiz) va uni oʻrnatishni davom ettiramiz.
Bu yogʻiga nima qilishni aytmasam ham, shundoq ham aniq. Faqat ilovani smartfondan izlab topib, ishga tushirish va sinab koʻrish qoldi xolos. Hammasi toʻgʻri bajarilgan boʻlsa, smartfon ilovalari roʻyxatida bizga tanish sarlavha va ikonka koʻrinadi. Uni ishga tushirganimizda esa, bizga kerakli sayt asosiy brauzerda avtomatik ravishda ochilishni boshlaydi.
Demak, biz oʻzimiz kutgan natijani oldik. Endi har safar shu saytga kirish uchun Guugl xromga yoki boshqa brauzerga kirib, uni manzilini qoʻlda kiritib oʻtirishimiz shart emas!
Ilovamizni yana bir qiziq xususiyati bor – agar unda kerakli manzil sifatida YouTubedagi videoni yoki YouTube-kanalni manzili koʻrsatilsa, ilova ishga tushganda har safar toʻgʻridan-toʻgʻri YouTube orqali shu video yoki kanal ochilaveradi. Xuddi shuningdek, boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar manzilini ham kiritish mumkin. Koʻrinib turibdiki, shu oddiygina ilovamiz turli sayt, sahifa, ijtimoiy tarmoq kanallari, guruhlarini oson ochish uchun ishlatilishi ham mumkin! MIT App inventor platformasiga qiziqib qolganlar, mustaqil ravishda dasturga boshqa oʻzgarishlarni kiritib, imkoniyatlarini yana ham oshirishlari mumkin.
YouTube video versiyasi:
RuTube video versiyasiga havola:
https://rutube.ru/video/c1425f18f58a4b91e7dc941fc406e8b9/