19.04.2026

WiFi-pult haqida

“WiFi-rozetka” uchun “WiFi-pult”

Ushbu videosharhimiz, oldingi safar oʻzimiz yaratgan veb-brauzer orqali boshqariladigan WiFi-rozetkani boshqarishning yangi bir usuli, aniqrogʻi, uni veb-brauzersiz boshqarish qurilmasi haqida boʻladi. Bajaradigan vazifasidan kelib chiqib, uni – WiFi-pult deb nomlashga qaror qildim. Chunki bunda WiFi-rozetkani boshqarish uchun bizga brauzer kerak boʻlmaydi. Aniqrogʻi brauzer funksiyasini shu pultning oʻzi bajaradi.

Dastlab WiFi-pultning ishlash prinsipi haqida ma’lumot berib oʻtmoqchiman. WiFi-rozetkamiz http texnologiyasi asosida ishlaydigan veb-serverni, ya’ni, http-serverni oʻz ichiga olgan elektron qurilma hisoblanadi. Biz bundan keyin qisqaroq qilib uni veb-serverni qisqaroq qilib, shunchaki server deb yuritamiz. WiFi-rozetkani yaratishda ishlatiladigan va unga http-soʻrov yuborish orqali rozetkaga ulangan yuklamani boshqaradigan veb-brauzerni esa, umumiy qilib http-mijoz deb yuritamiz.

Ushbu WiFi-pultimiz ham veb-brauzer funksiyalarini oʻz ichiga oladigan http-mijozning soddalashtirilgan bir koʻrinishi hisoblanadi. Chunki bunda http-mijoz faqat WiFi-rozetka yuklamasini yoqish va oʻchirish buyruqlarini bajarishga moʻljallangan. Bu ikkita buyruqni WiFi-rozetkaga yuborish uchun biz tashqi viklyuchateldan foydalanamiz. Har safar viklyuchatel ulanganda yoqish buyrugʻi, uzilganda esa, oʻchirish buyrugʻi http-soʻrov sifatida serverga yuboriladi. Buning uchun, boshqarilishi kerak boʻlgan WiFi-rozetka IP-manzili WiFi-pult xotirasiga oldindan kiritib qoʻyiladi, keyinroq uni oʻzgartirish ham mumkin.

WiFi-pult quyidagi imkoniyatlarga ega:

  • mobillik, ya’ni, uni WiFi tarmogʻi hududida xohlagan joyga koʻchirish imkoniyati, buning uchun u batareykali avtonom elektr taʻminotiga ega;
  • Viklyuchatel tugmalari yordamida oldindan xotirasiga kiritib qoʻyilgan IP-manzil asosida WiFi-rozetka yuklamasini oʻchirish yoki yoqish;
  • Telegram messenjeri va unda yaratilgan maxsus bot yordamida, boshqariladigan WiFi-rozetka IP-manzilini, WiFi tarmogʻi nomi, yaʻni, SSID, va WiFi tarmogʻi parolini belgilab qoʻyish, kiritilgan oʻzgarishlar kuchga kirishi uchun WiFi-rozetkaning oʻzini qayta yuklash imkoniyati. Bunda Telegram messenjeri serveri bulutli texnologiya serveri vazifasini bajarib beradi. Telegram botdan foydalanish uchun WiFi-pult ulangan ichki WiFi tarmogʻi Internetga ulangan boʻlishi shart;
  • Telegram botiga ON va OFF buyruqlarini yuborish orqali WiFi-rozetka yuklamasini yoqish yoki oʻchirish;
  • Telegram botiga ? buyrugʻini yuborish orqali WiFi-rozetka yuklamasining joriy holatini, ulangan WiFi tarmogʻi parametrlarini, IP-manzilini aniqlash/koʻrish imkoniyati;
  • WiFi-pult akkumulyator baytareyalari oʻrniga 5V lik USB taʻminot blokini qoʻllab, Telegram boti bilan birgalikda uni barcha WiFi-rozetkalarni Internet orqali boshqarish uchun WiFi-koʻprik sifatida qoʻllash mumkin;
  • WiFi-pult dasturiy taʻminoti talablarga koʻra yangilanib va takomillashtirilib, aniqlangan kamchiliklari bartaraf etilib, unga yangi funksiyalar ham qoʻshib borilishi mumkin;
  • WiFi-pult dasturiy taʻminotidagi oxirgi oʻzgarishlarni yarat.uz saytidagi tegishli sahifadan yuklab olish va Telegram boti yordamida yangilash imkoniyati.

Eslatmalar:

  • WiFi-pult dasturining kodi ochiq taqdim etilmaydi, chunki u tijorat maqsadida yaratilishi rejalashtirilgan. Xuddi shuningdek, Wi-Rozetkaning tijorat maqsadidagi takomillashtirilgan varianti bilan birga uni aqlli uyning elementlaridan biri sifatida koʻpaytirish rejalashtirilgan. Lekin, Oʻzing yarat loyihasining foydalanuvchilari va obunachilar uning “BIN” formatidagi tayyor proshivkasini yarat.uz saytidan yuklab olishlari va Telegram boti orqali yangilab borishlari mumkin;
  • WiFi-rozetkaga boshqarish buyrugʻi yuborilganda yuklamaning yonish yoki oʻchish vaqti 3-10 sekundgacha choʻzilishi mumkin, bu WiFi tarmogʻi tezligi, qanchalik bandligi va http-texnologiyasining ishlash prinsipiga xos kamchilik. Ayniqsa, serverga bogʻlanish jarayoni uchun uzoq vaqt talab etilishi mumkin. Lekin, WiFi-rozetkaning tijorat variantida bunday kamchiliklar Buyumlar Interneti uchun zamonaviy onlayn servislarini qoʻllash hisobiga bartaraf etilishi koʻzda tutilgan;
  • WiFi-pultni birinchi marta ishga tushirilganda, uni “free” nomli parolsiz WiFi kirish nuqtasiga ulanishi kerak. Bunday kirish nuqtasini vaqtincha Internetga ulanish mumkin boʻlgan smartfonda yaratish mumkin. Shundan keyin bot yordamida asosiy WiFi tarmoq nomi hamda paroli koʻrsatib qoʻyiladi va WiFi-pult qayta ishga tushiriladi. Tarmoq nomi va parol mikrokontroller xotirasida saqlanib qoladi va keyingi safar ularni qayta kiritishga hojat qolmaydi. “free” tarmogʻiga ulangan holda rozetkani boshqarib boʻlmaydi, u faqat dastlabki sozlash ishlari uchun kerak boʻladi;
  • Boshqaruvdagi WiFi-rozetka IP-manzili oʻzgargan taqdirda, WiFi-pultga uning yangi IP-manzilini bot orqali kiritib qoʻyilishi kerak, aks holda uni boshqarib boʻlmaydi;
  • WiFi-pult WiFi tarmogʻiga ulangan paytida 70-100mA atrofida elektr toki isteʻmol qiladi. Akkumulyator batareyasi zaryadsizlanib qolmasligi uchun, ishlatilib boʻlganidan keyin uni oʻchirib qoʻyish kerak boʻladi. Lekin u doim yoniq holda boʻlishi uchun undagi Wemos D1 mini platasiga 5V kuchlanishli taʻminot blokini USB-kabel orqali ulab qoʻyish mumkin. Masalan, har qanday smartfon yoki oddiy telefon quvvatlagichini ulasa bo’ladi.

WiFi-pultni ishga tushirish va WiFi-rozetkalarni boshqarish jarayonlari:

WiFi-pult ishga tushirilganda dastlab tadqiqot platasidagi svetodiod 1 sekund davomida tez pirpirashi u qayta ishga tushganini bildiradi, bir necha sekunddan 20 sekundgacha vaqt davomida 1 Hz chastota bilan pirpirashi u asosiy WiFi tarmogʻiga ulanishga urinayotganligini, 20 sekunddan keyin 2 Hz chastota bilan pirpirashi asosiy WiFi tarmogʻiga ulanib boʻlmaganligi va “free” nomli parolsiz tarmoqqa ulanishga urinayotganligini eslatib turadi. Agar hech qaysi tarmoqqa ulanib boʻlmasa, vay-fay rejimi uziladi, yana 1 daqiqadan keyin esa, yana tadqiqot platasi qayta ishga tushib, tarmoqqa ulanishga urinishlar boshidan takrorlanadi.

WiFi-pult birinchi marta ishga tushirilayotgan boʻlsa, asosiy tarmoqqa ulanib boʻlmaydi. Bunday vaziyatda smartfonda “free” nomli kirish nuqtasini yaratish kerak boʻladi. “free” tarmogʻiga ulanish muvaffaqiyatli boʻlsa, Telegram botiga <ssid=tarmoq_nomi> va <parol=tarmoq_paroli> xabarlarini yuborib asosiy tarmoq parametrlarini oʻrnatish zarur.

Agar asosiy tarmoqqa ulanish muvaffaqiyatli boʻlsa, WiFi-rozetkani boshqarish uchun WiFi-pultdagi viklyuchatel tugmalarini bosish (ulash, uzish) mumkin. Dastlabki bir nechta boshqaruv buyruqlari natijasi bot orqali ham eslatib turiladi. Lekin yuklama 10 marta oʻchirib-yoqilganidan keyin, bot “sukunat” rejimiga oʻtadi va eslatmalar kelishi toʻxtaydi. Zarurat boʻlsa, “sukunat” rejimini <sukunat=0> buyrugʻi yordamida vaqtincha oʻchirib qoʻyish, <sukunat=1> buyrugʻi yordamida zudlik bilan faollashtirish mumkin.

Pulli buyurtma asosida takomillashtirish imkoniyatlari:

  • WiFi-rozetka va WiFi-pultga bir vaqtda Internet hamda bulutli texnologiyalar imkoniyatlarini qoʻllab, boshqarish tezligini hozirgi 7-8 sekunddan 1-2 sekundgacha qisqartirish hamda boshqaruv radiusini global miqyosga kengaytirish mumkin. Bunda boshqaruv ham lokal WiFi hududida, ham Internet orqali bajariladi. Telegram botidan boshqaruv esa, qoʻshimcha boshqaruv usuli sifatida saqlanib qoladi;
  • WiFi-rozetka va WiFi-pultda zamonaviy ESP32 plata va modullarini qoʻllash orqali boshqaruvga Bluetooth texnologiyasini ham qoʻllash mumkin. Natijada, WiFi yoki Internet uzilgan taqdirda boshqaruv Bluetooth orqali davom ettirilishi mumkin boʻladi;
  • Aqlli uy umumiy loyihasi uchun mobil ilova yaratish hamda unga WiFi-rozetka va WiFi-pult qurilmalarini bogʻlash, ilovaga zamonaviy Google va Yandex ovoz assistentlarini integratsiya qilish;
  • WiFi-rozetka va WiFi-pultda 10 tagacha qoʻshimcha datchik yoki modullarni qoʻllash orqali hududdagi yorugʻlik, harorat, gaz konsentratsiyasini aniqlash, harakatni sezish, yongʻindan darak berish, foto yoki video kuzatuv kabi va boshqa foydali funksiyalarni qoʻshish mumkin.

Potensial buyurtmachilar uchun tijorat taklifi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni aytib oʻtmoqchimanki, yuqoridagi vay-fay pult va vay-fay rozetka loyihalari oʻquv-tadqiqot maqsadlarida yaratilgan va muallif tomonidan sinov-tadqiqot ishlari hozircha toʻxtatilgan. Lekin muallif ushbu loyihalarga zamonaviy ESP32 mikrokontrollerlarini qoʻllab va yuqorida sanab oʻtilgan takomillashtirish imkoniyatlaridan kelib chiqib, ularni aqlli uyni jihozlashga yoʻnaltirilgan bir nechta jiddiy tijorat loyihalariga aylantirish mumkin deb hisoblaydi. , Agar ushbu loyihalar sizni investor tadbirkor sifatida qiziqtirib qoʻygan boʻlsa va ularni qonuniy asoslarda koʻp nusxada ishlab chiqarishni moliyalashtirish masalasi qiziqtirsa, loyiha muallifi sizni oʻzaro manfaatli hamkorlikka taklif qiladi. ,

Hurmatli obunachilar. Agar sizda Arduino tizimi, aqlli texnologiyalar va Buyumlar interneti yoʻnalishlariga doir qandaydir foydali elektron qurilma loyihasini yaratish boʻyicha takliflaringiz boʻlsa, kommentariylarda qoldirishingiz mumkin. Ular albatta muallif tomonidan koʻrib chiqiladi va ularning ichida eng foydali hamda qiziqarli boʻlgan qurilma loyihalari amalga oshirilib, natijasi boʻyicha videorolik tayyorlanishi mumkin.

Agar ushbu video sizga maʻqul boʻlgan boʻlsa, layk bosib, tanishlaringizga ham yuborib qoʻyishingizni ham soʻrab qolaman. Siz bilan “Oʻzing yarat” loyiha si va uning muallifi men Nizomiddin boʻldim. Keyingi videolarimizda koʻrishguncha xayr, salomat boʻling!

Devor rozetkasini Telegram boti yordamida Internet orqali boshqarish:

Devor rozetkasini mobil ilova (veb-brauzer) yordamida Internet orqali boshqarish:

Добавить комментарий