23.04.2026

“Aqlli uy” o’quv loyihasi. 1-bosqich [14+]

Ushbu loyiha doirasida uydagi ayrim jarayonlarni avtomatlashtiramiz. Jarayonni imkon qadar soddalashtirish uchun tashqi yuklama sifatida svetodiod va relelardan foydalanamiz. Chunki, kelgusida chiqish piniga ulangan svetodiodlar relelarga almashtirilsa, yuqori kuchlanishli haqiqiy yuklamani boshqarish imkoniyati paydo bo’ladi. Loyihani ilgari o’rganilgan darslarda bajarilgan amaliy loyihalar va namunaviy sketchlardan foydalangan holda, funksiyalar yordamida ularni birlashtirish orqali amalga oshiramiz.

Avvalo amalga oshiriladigan ishlarimizni rejalashtirib olamiz. Biz yaratadigan “Aqlli uy” loyihasi quyidagi imkoniyatlarga ega bo’lishi kerak:

1-bosqich. [14+]

1. Hovlidagi chiroq quyidagi holatlarda qisqa muddatga avtomatik ravishda yonishi kerak: a) qorong’u tushganda, b) harakat sezilganda, c) tovush eshitilganda. Bunda chiroq unga zarurat qolmaganda, ma’lum vaqt (15…60 sekund) o’tgach yoki yorug’lik oshganda va harakat sezilmaganda yana avtomatik ravishda o’chishi kerak;
2. Uy ichidagi harorat belgilangan darajadan ortib ketgan taqdirda, derazalar avtomatik ravishda yopilishi (agar pardalar ochiq bo’lsa) va konditsioner avtomatik ravishda ishga tushishi kerak;
3. Uy ichidagi harorat belgilangan darajadan pasayib ketgan taqdirda, derazalar avtomatik ravishda yopilishi (agar pardalar ochiq bo’lsa) va gaz kotyoli yoki isitgich avtomatik ravishda ishga tushishi kerak;
4. Tashqaridagi harorat belgilangan darajadan pasayib ketganda RGB-svetodiod qizil rangda, harorat normallashganda yashil rangda yonishi, havo namligi ma’lum darajadan oshib ketganda yoki yom’gir yog’a boshlaganda qizil rangli svetodiod yonishi, boshqa vaziyatlarda RGB-svetodiod ko’k rangda yonishi kerak;
5. Tashqari yorug’ bo’lganda (faqat deraza yopiq bo’lganda) deraza pardasi avtomatik tarzda ochilishi, qorong’u tushganda yana yopilishi kerak;
6. Hovlida harakat sezilganda yoki kuchli shovqin eshitilganda uy ichidagi chiroq va dinamik bu haqda ogohlantirishi kerak, uni bekor qilish viklyuchatel yordamida bajarilishi kerak;
7. LCD displeyda uy ichkarisidagi va tashqaridagi haroratlar, tashqaridagi havo namligi, yomg’irdan xabardor qilish, yorug’lik darajasi va datchiklarning boshqa ma’lumotlari almashinib ko’rsatib turilishi kerak.

Ko’rinib turibdiki, belgilangan vazifalarni amalga oshirish asosan 1-bosqichda o’rganilgan namunaviy sketchlarimizni birlashtirishdan iborat bo’ladi. Buning uchun, Arduino UNO platasining barcha analog va 0,1-dan (TX, RX dan) tashqari barcha raqamli pinlaridan foydalaniladi. Zarurat tug’ilsa, 2 ta bo’sh (TX, RX) raqamli pinlaridan ham foydalanish mumkin. Shuningdek, tugmalar sonini ko’paytirish zarur bo’lsa, 1 ta analog pindan unumli foydalanish (tugmalar sonidan kelib chiqib, shuncha sondagi turli qiymatli rezistorlardan foydalanish) mumkin.

Loyihani amalga oshirish uchun kerakli jihozlar (va miqdori):

1) Arduino UNO, maket platasi, USB-kabel, o’tkazgichlar (1 kompl);
2) tugma (1 ta) – signalizatsiyani o’chirish viklyuchateli rolida;
3)
zummer (1 ta) – tovush bilan ogohlantirish uchun;
4) fotorezistor (1 ta) – hovlidagi yorug’lik darajasini o’lchash uchun;
5) termistor (1 ta) – uy ichidagi haroratni o’lchash uchun;
6) qizil svetodiod (1 ta) – hovlidagi chiroq rolida;
7)
RGB-svetodiod (1 ta) – uy ichidagi chiroq rolida;
8) oddiy rezistorlar: 220 Om (2 ta) – qizil svetodiod va RGB-svetodiodni ortiqcha tokdan himoya qilish uchun, 10 kOm (2 ta) – termistor va fotorezistor bilan birgalikda qo’llash uchun;
9) 4 kanalli elektromagnit rele moduli (1 ta) – konditsioner, isitgich, eshik va derazalarni ochgichni boshqarish uchun;
10) LCD1602+I2C displey moduli (1 kompl) – turli ko’rsatkichlarni, sozlamalarini ko’rsatib turish uchun;
11) mikrofonli modul (1 ta) – hovlidagi tovushdan xabar berish uchun;
12) infraqizil harakat datchigi (1 ta) – hovlidagi harakatdan xabar berish uchun;
13) DHT11 raqamli termodatchik (1 ta) – hovlidagi harorat va namlikni o’lchash uchun;
14) servo motor (1 ta) – pardalarni yopgich rolida.

Ushdu komponentlarning aksariyat qismi “Boshlovchilar uchun Arduino to’plami”da mavjud. To’plamdagi ba’zi mkomponentlar ushbu loyihada ishlatilmaydi. To’plamda mavjud bo’lmagan komponentlar esa, alohida sotib olinadi (to’plamda yetishmagan komponentlar alohida ko’rsatirilgan).

Boshlovchilar uchun Arduino to’plami:

To’plam tarkibi: [maket platasi (10 x 40 pin), o’tkazgichlar (male-male x 10), svetodiod (3 x 5), RGB svetodiod (1), infraqizil svetodiod (1), rezistor (3 x 10), fotorezistor (2), termistor (1), potensiometr (10 kOm), tugma (6), zummer (2 x 1), og’ish datchigi (1), DHT11 (1), 7 segmentli indikator (1), yom’gir darajasi datchigi (1), tuproq namligi datchigi (1), to’siq datchigi (1), tovush datchigi (1)]

“Aqlli uy” qurilmasi 1-bosqichi sxemasi quyidagicha bo’ladi:

Sketch: