Robototexnika – avtomatlashtirilgan tizimlarni yaratish va takomillashtirish sohasi hamda uni o’rganish bilan shug’ullanuvchi amaliy fan.
Biroq, ko’p holda robototexnika deganda ko’pchilik faqat harakatlanadigan robot yoki mashinalarni yaratish bilan bog’liq sohani tushunadi. Vaholanki robototexnika sohasi, yuqorida ta’riflanganidek, elektronika, elektrika, elektrotexnika, mexanika, kibernetika, telemexanika, mexatronika, informatika, radiotexnika va shunga o’xshash sohalarni o’zida birlashtiruvchi yagona tizim (yoki uning bir qismi) hamda uni o’rganuvchi fan hisoblanadi.
Ilgari ma’lum qilinganidek, saytimiz materiallarida biz asosan, robototexnikaning dasturlash (informatika) va elektronika yo’nalishlarini o’rganish bilan cheklanamiz (chunki, aynan ushbu yo’nalishlar “aqlli uy” texnologiyalarining asosi hisoblanadi). Dasturlashni esa, asosan Arduino platformasi va ayrim yordamchi vositalar yordamida bajaramiz.
Lekin, Arduino tizimi yordamida robototexnika sohasining aynan harakatlanadigan robot hamda mashinalarni boshqarish va ularning ishini avtomatlashtirishga aloqador vazifalarini ham dasturlashtirish mumkin. Bu haqda Arduinoni o’rganish bo’yicha tegishla darslarda to’xtalib o’tiladi.
Masalan, robot yoki mashinani harakatga keltirish va harakat yo’nalishini o’zgartirish uchun uning tegishli qismidagi motorlarni mikrokontrollerlarning oddiy raqamli pinlariga yuqori (HIGH) signalni yuborish yetarli bo’lsa, motorlarning aylanish tezligini boshqarish uchun PWM signal chiqarishi mumkin bo’lgan maxsus pinlariga o’zgaruvcha qiymatli raqamli signalni yuborish zarur bo’ladi. Ko’p hollarda esa, buning uchun maxsus Arduino bibliotekalaridan foydalaniladi.
Robot va mashinalarni boshqarishning yana bir o’ziga xosligi – motorlarni boshqarishga mo’ljallangan maxsus drayver-modullardan foydalanilishi hisoblanadi va ular aniq bir motor turi hamda modelidan kelib chiqib tanlanadi. Boshqaruvni to’liq avtomatlashtirish uchun esa, turli xil analog yoki raqamli datchiklardan keng foydalanilishi mumkin. Bular haqida tegishli darslarda qo’shimcha axborot berib o’tiladi.