22.04.2026

Tayyor proshivkani mikrokontrollerga yozish usullari

“Flash Download Tools” utilitasi yordamida yozish
(faqat ESP platalari uchun)

1. Ushbu havola orqali Expressif kompaniyasining rasmiy saytiga kirib, “Flash Download Tools” utilitasining oxirgi versiyasi yuklab olinadi va arxiv ichidagi papkadan .EXE formatli fayl ishga tushiriladi. Quyidagi kirish oynasi ochiladi:

2. Ochilgan oynada kerakli chip turi (mikrokontrollerlar oilasi) tanlanadi va OK bosiladi. Utilitaning asosiy oynasi ochiladi.

3. “SPIDownload” bo’limidagi qatorlardan birining boshidagi kalit ulanadi va uning o’ng tomonidagi matn maydoniga .BIN formatli fayl manzili va nomi kiritiladi yoki matn maydoni o’ng tomonidagi “…” knopkasi yordamida fayl ko’rsatiladi. 1-qator oxiridagi matn maydoniga proshivka yoziladigan xotira dastlabki manzili “0x00” kabi ko’rsatiladi. Quyiroqdagi “SPI SPEED” bo’limidan mikrokontroller takt chastotasi ko’rsatiladi (masalan, Wemos D1 mini platasi uchun 80 MHz). “DownloadPanel 1” bo’limidagi “COM:” ro’yxatidan kerakli virtual COM port tanlanadi va uning maksimal tezligi (Wemos D1 mini uchun 921600) ko’rsatiladi. Oxirida “Start” knopkasi bosiladi. Agar yozish muvaffaqiyatli bo’lsa, “DownloadPanel 1” bo’limida plataning MAC-manzili ko’rsatiladi (“AP: “, “STA: ” yozuvlaridan keyin).

Agar yozishda xatolik yuz bersa, platani kompyuter USB portiga qayta uzib-ulab ko’rish (shunchaki plataga restart berish yordam bermaydi), u ham natija bermasa mikrokontroller hamda ketma-ket port tezligini o’zgartirib ko’rish kerak.

 

Telegram messenjeri yordamida yozish
(o’quvchilar uchun)

Muallif pulli loyihalari mijozlari Arduino bo’yicha boshlang’ich bilimga ega bo’lgan shaxslar va “O’zing yarat!” loyihasi doirasidagi o’quv kurslari o’quvchilari ESP8266/ESP32 platalari uchun mo’ljallangan (faqat muallifning yarat.uz saytidagi loyihalari) “.BIN” formatidagi tayyor proshivkalarini Telegram messenjeri orqali quyidagi tartibda oson va yangilab olishlari mumkin. Proshivka fayli Telegram messenjeridagi “O’zing yarat” guruhi orqali qabul qilib olinadi va mikrokontrollerga yuklanadi.

1. Dastlab Arduino IDE dasturi ESP8266 va ESP32 platalariga moslashtirilgan bo’lishi kerak (dastur sozlamalarida ko’rsatib qo’yilgan bo’lishi va ularning dasturiy ta’minoti (drayverlari) oldindan o’rnatilgan bo’lishi kerak). Buni ushbu sahifada keltirilgan ma’lumotlar asosida amalga oshirish mumkin).

2. Tegishli havolalar yordamida kompyuter veb-brauzeri yordamida saytdan yarat_uz.ino sketchi va “.BIN” formatidagi kerakli tayyor bepul proshivka faylini kompyuterga yuklab olinadi.

3. Internetga ulangan smartfon, planshet yoki routerda “free” nomli parolsiz kirish nuqtasi (“Точка доступа”) hosil qilinadi.

4. “yarat_uz.ino” sketchi Arduino IDE yordamida ESP platasiga odatdagi usulda yuklanadi va ishga tushiriladi. Plataning “free” ochiq tarmog’iga ulanish jarayonini port monitorida kuzatish mumkin. Ulanish muvaffaqiyatli bo’lsa, bu haqda port monitori va Telegram guruhiga xabar yuboriladi.

Diqqat! Ushbu “yarat_uz.ino” universal proshivkasi yarat.uz saytidan yuklanadigan har qanday tayyor proshivkani yoki uning yangilangan versiyasini Telegram messenjeri orqali qabul qilib olish va o’rnatish uchun qayta-qayta ishlatilishi mumkin! Shuning uchun o’quvchilarga uni kompyuterda saqlab qo’yish tavsiya etiladi.

5. “.BIN” formatidagi kerakli proshivka fayli saytning tegishli sahifasidan yuklab olinadi va uni “yarat.uz” ostki yozuvi bilan birga smartfondagi Telegram messenjerining mobil ilovasi yoki kompyuterdagi “Telegram Desktop” dasturi orqali “O‘zing yarat!” guruhiga yuboriladi (“Переслать” buyrug’i yordamida).

Bundan tashqari, har qanday “.BIN” formatli proshivka faylini “O‘zing yarat!” guruhi a’zosi guruh chatiga o’tib, ochishi ham yetarli bo’ladi (ochish paytida ham “yarat.uz” ostki yozuvi ko’rsatilishi shart). Ushbu guruh faqat o’quv kurslari o’quchilari, pulli loyihalar va xizmatlar mijozlari uchun mo’ljallangan.

Fayl bot tomonidan qabul qilingan zahoti uni mikrokontrollerga yuklash jarayoni boshlanadi, bu haqda alohida xabar beriladi (“OTA firmware…” yozuvi ko’rinadi). Yuklash muvaffaqiyatli bo’lsa, “OK” xabari beriladi va mikrokontroller avtomatik ravishda qayta ishga tushadi.

 

Добавить комментарий